XIV - XV asr Amir Temur va temuriylar davrining uyg'onishi

Mahalliy aholining ozodlik uchun kurashi natijasida mo‘g‘ullarning O‘rta Osiyodagi hukmronligi yemirila boshladi.

Bu davrning eng yirik siyosiy arbobi Amir Temur (1336 – 1405 yy.) bo‘lgan. U Kesh (Shahrisabz) yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan. Butun dunyoda buyuk davlat arbobi va sarkarda, yirik markazlashgan davlat asoschisi sifatida shuhrat qozondi. Madaniyat va san’atning ravnaqiga katta hissa qo‘shdi. Mamlakatning gullab-yashnashi uchun bor kuch-qudratini sarf etdi.

Davr voqealari A.Aliqulov yaratgan “Amir Temur jahon tarixida” nomli mahobatli devoriy suratda o‘z aksini topgan. Oq ot ustida tasvirlangan Amir Temur obrazida jamoatchilikda hosil bo‘lgan bir qator psixologik xislatlar bilan hamohang maqsad sari intilish, qat’iylik, samimiyatga yo‘g‘rilgan kuchli iroda kabi fazilatlar ko‘zga tashlanadi, suratda hukmdorning tom ma’nodagi buyuk xarakteri ochib berilgan.

Eksponatlar orasida “Amir Temur davlati” xaritasi, miniatyuralar, sxemalar, turli ashyolar bor. Sirdaryo qirg‘og‘ida topilgan harbiy anjomlar: sovut, shlem bo‘laklari, teridan tikilgan ko‘ylaklar arxeologlarning ajoyib topilmalaridir.

Namoyishga qo‘yilgan ibn Arabshohning “Amir Temur tarixida taqdir ajoyibotlari”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarlar qo‘lyozmalarida Amir Temur hayoti va qilgan ishlari, faoliyatining o‘ziga xos tomonlari haqida ma’lumotlar bor.

Amir Temur shaharlarni obodonlashtirishga katta ahamiyat bergan, yangi shaharlar, qishloqlar va bog‘lar barpo etgan.