SAKLARNING BRONZA QOZONI

Saklarning sig’inish marosimiga oid buyumi. 1939 yilda Katta Farg’ona kanali qurilishi chog’ida Norin va Qoradaryo oralig’ida uch metr chuqurlikdan arxeologiya ekspeditsiyasi ish olib borayotganida topilgan. Qozon silindrsimon ko`rinishga ega, tagi yarim dumaloq shaklda. Balandligi — 55 santimetr, diametri — 64 santimetr. Qozonning chetlari to’rtta tik quyma doira bilan bezatilgan bo’lib, ular yarim xalqasimon dastak hosil qilgan. Tashqi tomondan ularga uch yonma-yon ariqcha tushirilgan. Doiralar oralig’ida bittadan, hammasi bo’lib to’rtta tog’ echkisi haykalchalari qo’yilgan, ular soat harakati yo’nalishida yurib turganga o’xshaydi. Takalar tasvirini — Farn, ya`ni g’alaba va shon-shuhrat timsoli deb qarash istisno etilmaydi. Nazarimizda, oq libosli kohinlarning tantanavor marosim jarayonida muqaddas olov yog’dusida yanada mahobatli yurishi aks etadi.
Farg’ona viloyati.